пятница, 16 мая 2014 г.

Kursning boshqa bilimlar tizimida tutgan o‘rni

Turizm inson hayoti va faoliyatining ko‘p sohalarini qamrab oladi. Shuning uchun turizmni o‘rganish psixologiya, antropologiya, sotsiologiya, iqtisodiyot, geografiya, informatika, huquq fanlarini ta’limni o‘rganish bilan uzviy ravishda bog‘liq. Turistlik resurslar yer sharining deyarli barcha burchaklarida, qit’alarida va mamlakatlarida mavjud. Turizm yo‘nalishi va to‘rini erkin tanlash sharoitida turizm tashkilotchilari turistlik oqimlarni bilishi, istiqbollashi va xatto ularni boshqarishi kerak.
Psixologiya

Sayohat qilish uchun turist qaysi marshrutni tanlaydi, ushbu mavsumda qaysi mamlakat afzallikka ega bo‘ladi, turizmning qaysi turlari  mashhur bo‘ladi? Turistlik bozorda nimani taklif qilish foydali, o‘z turistlik mahsulotini harakatini qayerga yo‘naltirish kerak? Mijoz xohishlarini yaxshi qondiruvchi to‘rni qanday qilib tuzish kerak? Bu savollarning ko‘pchiligiga inson psixologiyasi, uning harakatlari va qaror qabul qilish motivatsiyasi (sabablari) asoslarini o‘rganmasdan javob berish mumkin emas. Mijoz xohishi motivatsiyasini o‘rganmasdan va tushunmasdan turib, to‘rni to‘g‘ri tuzish va uni bozorda iste’molchiga taklif qilish, asosiysi mijoz xohishini turistlik taassurot va emotsiyalarning ijobiy gammasini ta’minlab qondirishi mumkin emas. Kichkinagina uzilish ham puxta tayyorlangan va tahlil qilingan sayohatdagi ijobiy ta’surotni yo‘qotishga yetarli bo‘ladi.
Insonning turli holatlarda o‘zini tutish modelini, qaror qabul qilish sabablarini, dam olish to‘rini tanlash, asosiy va turdosh maqsadlari, sayohat yo‘nalishlari, hamkorlar va turistlik firmani tanlashni yaxshilab o‘rganish kerak. Sayohatni amalga oshirish sabablari turlicha bo‘lib, u turist yoshi, intellekt darajasi, moliyaviy holati, jamiyatning u yoki bu holatiga tegishliligi va ko‘pgina boshqa omillarga bog‘liq. Turist bo‘lishga turli sabablar ta’sir qiladi: dam olish, bo‘sh vaqt, dunyoqarashni kengaytirish, notanish narsalarni bilish, ko‘ngil ochish, diniy, davolanish, qarindoshlar va do‘stlarni ko‘rish va boshqa maqsadlar. Ushbu sohadagi keng qamrovli bilimlar bilan shugullanuvchi fan psixografiya deyiladi va uning uslublari turizm marketingida ham kullaniladi.
Sayohatni tanlashda sabablarning o‘zgarishi iste’molchi bozorida turistlik mahsulotni taklif qiluvchi turistlik firma uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Kayfiyat, moda, umumiy siyosiy-iqtisodiy holat va ko‘pgina boshqa omillarga e’tiborsizlik paydo bo‘lishi mijozlarni yo‘qotish va turistlik faoliyatda iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keladi, chunki bu omillar turistlik oqim yo‘nalishini aniqlovchi va motivatsiya natijasiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Sotsiologiya

Sotsiologiya - jamiyatshunoslik haqidagi fanlardan biri bo‘lib, turizm sohasida esa u - insonni boshqa joyga borishga yordam beruvchi sotsial sharoitlarni o‘rganuvchi fan bo‘lib gavdalanadi. Inson hayotida turizmni amalga oshirish uchun kamida ikkita muhim shart bajarilishi kerak: bo‘sh vaqt va turistlik sayohatni amalga oshirish uchun mablag‘. Buning barchasi mamlakatda tinch siyosiy holat mavjud bo‘lgan paytda amalga oshishi mumkin.
Turizm iqtisodiy munosabatlarda hosil bo‘ladigan har qanday nomutano-sibliklardan ta’sirlanadi. Jahon ijtimoiy hayotida  katta voqea yoki iqtisodiy tizimda o‘zgarishlar sodir bo‘lishi darxol turizm rivojlanishining holatiga va dinamikasida aks etadi. 1998-yil Rossiya moliyaviy inqirozi jamiyatni larzaga keltirdi. Osiyo krizisi ushbu hudud turistlik bozoriga yomon ta’sir qildi va bundan  turizmning dinamikasi  10% ga qisqardi. 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tufayli jahon turizmining oqimi 8% kamaydi.
Doimiy taraqqiyotda turizm sotsial xodisa sifatida qaraladi. Insonlarning xulqi ularning yoshi, millati, ijtimoiy holati, ma’lumoti, yashash joyi, madaniy qarashlarga bog‘liq holda o‘rganiladi.
Hozirgi kunda sotsiologik tadqiqotlarga katta e’tibor berilmokda. Deyarli har bir katta tadbir, ko‘rgazmada turistlar va tashrif buyuruvchilardan turli ma’lumotlarni to‘plash maqsadida anketalash o‘tkazilmoqda. Bu anketalar hozirgi va kelajakdagi sayohatlar darajasini baholash uchun muhim ma’lumotlar olish imkonini beradi. Sotsiologik tadqiqotlar ma’lumotlari ma’lum bir iste’molchi bozorida turistlik mahsulotning harakat qilish siyosati shakllanishida, bashorat va ko‘rsatmalar ishlab chiqishda hamda bojxona va  migratsion munosabatlar va qoidalar sohasida muhim siyosiy-iqtisodiy qarorlar qabul qilishda asos bo‘lish uchun dastlabki baza hisoblanadi.  
Iqtisodiyot

 Turizm – bu iqtisodiyotning maxsus sohasi va inson faoliyatining o‘ziga xos ko‘rinishi hisoblanadi. Shu sababli turizm sohasida iqtisodiy taraqqiyotning umumiy qonuniyatlari o‘zining mahsus qirralarida namoyon bo‘ladi, umumiy qonuniyatlar o‘zini xususiyligi orqali namoyon  qilsa, xususiylik esa mazkur turistlik tashkilotning aniq faoliyati orqali aks ettiriladi.
Turizm iqtisodiyoti aholining kattagina qismini turistlik xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida mazkur xo‘jalik sohasini barcha darajalarida turistlik mahsulotni ishlab chiqaradigan, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qiladigan kishilarning xulq-atvorini o‘rganadi.
Har bir turistlik hudud, har bir mamlakat, har bir shahar va joy iqtisodiy foyda va daromad olish uchun mavjud turistlik resurslaridan oqilona foydalanishga harakat qiladi. Har bir mamlakatda o‘zining siyosiy qarashlari, iqtisodiyoti rivojlanishining yo‘nalishlari, jamiyat an’analarining ko‘p qirralari mavjud. Turistlarni jalb qilish uchun xatto juda qiziqarli bo‘lgan ob’ektlar va xodisalar uchun ham xizmat ko‘rsatishning mos darajasini, xavfsizlikni ta’minlovchi turistlik qiziqish va ehtiyojni uyg‘unlashtirib turuvchi turistlik industriya va infratuzilma zarur.
Turizm sohasini rivojlantirishni ba’zan «tilla tuxum quyuvchi tovuq»qa  o‘xshatiladi. Ammo, ushbu tovuq boqilmasa, tovuq tuxum qo‘yishni tuxtatishi mumkin yoki tuxumlar hajmi va sifati buzilishi mumkin yoki tovuqning o‘zi o‘lib qolishi mumkin. Shunga ko‘ra, turistlik markazlar va hududlar nafaqat turizmdan pul ishlab qolishadi, balki turizm industriyasini barqaror rivojlantirishga, turistlik mahsulotni ichki va tashqi bozorlarda harakat qildirishga juda katta miqdorda mablag‘lar ajratishadi.
Barcha davlatlarda ham turizmga bo‘lgan siyosat bir xil tuzilmagan. Masalan, Yaponiya orolidagi davlat, tarixiy yopiq jamiyatni ko‘rgan va uzoq davr mobaynida keluvchi turistlarga e’tibor bermagan, hududi chegaralanganligi natijasida o‘z fuqarolarini dunyo bo‘yicha sayohat qilishga faol undadi. Xatto, mehmonxona xo‘jaligi ham xorij turistlarini qabul qilishga yo‘naltirilmagan, otellar past tabaqali aholi joylashishiga mo‘ljallangan va inshoot gabariti va ship balandligi bo‘yicha Yevropa standartlariga javob bermaydigan normalar bo‘yicha qurilgan. Lekin, uzoq davr mobaynida turizmsiz ham rivojlanayotgan mamlakat iqtisodiyoti hayotiy kuch oqimining yangi manbasini talab qildi. Yapon hukumati mamlakatga kiruvchi turizm konsepsiyalarini qaytadan ko‘rib chiqdi va boshqa hududlardan mamlakatga turistlik oqimlarni jalb etish maqsadida jahon turistlik bozoriga milliy turistlik mahsulotni chiqarish faoliyatiga 2 mlrd. dollarini ajratdi.
Yuqorida ifoda etilgan faoliyat Xitoyda o‘zgacha amalga oshiriladi. Chiquvchi turistlik oqim bu mamlakatda juda past, chunki davlatda ta’tilni har yili to‘lash uchun huquqiy institut shakllanmagan va qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan aholining ko‘p qismi xorijda sayohat qilish uchun mablag‘ga ega emas. Tashqariga chiquvchi turizm yiliga 5 mln. kishidan ortmaydi. Bu ko‘rsatkich umumiy aholisi 1 mlrd. 200 mingga teng bo‘lgan mamlakat uchun juda past darajada. Lekin, keluvchi turizm tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Jahon turizm iqtisodiyotida Xitoy hozirgi kunda turizmning eng jozibador hududi hisoblanadi. Bu yerda turistlik qiziqish ob’ektlari mavjudligi, turizm industriyasi rivojlanganligi va davlat siyosatining turizmga ijobiy munosabatdaligi sabab bo‘lmoqda. Xitoy turizm tashkiloti ekspertlari baholariga ko‘ra, keyingi yillarda Xitoy jahondagi eng ko‘p turistlar qabul qiluvchi mamlakatga aylanadi. 1998-yilda Xitoyga 65 mln. turistlar kelib ketishgan bo‘lsa, 2010-yilda Xitoyga 125 mln. xorij turistlari kelishi rejalashtirilmokda. Bu esa xalqaro miqyosda juda katta ko‘rsatgich hisoblanadi.
Geografiya

Hudud resurslarining turistlik salohiyatini baholash geografik  omillarga bog‘liq. Geografiya fani - tabiiy-iqlimiy, demografik ma’lumotlar, ularning o‘zgarish tendensiyalari va istiqbollari, turizmning hududlararo va hudud ichida rivojlanishini batafsil rejalashtirish, ob’ektlar, turistlik industriya, turizm sohasini investitsiyalashni rivojlantirishni rejalashtirish, turistlik oqimlarni, aholi bandligini va turizmdan tushuvchi daromadni rejalashtirish uchun juda zarur hisoblanadi.

Axborot texnologiyalari

Rivojlanishning hozirgi bosqichida xo‘jalikning har qanday tarmog‘i kuchli axborot ko‘magisiz ishlay olmaydi. Turli fan sohalari bo‘yicha ma’lumotlardan turizm maqsadlarida ham foydalaniladi. Bugungi kunda turistlik xizmatlarni bronlashda turli avtomatlashtirilgan axborot tizimlari muhim rol o‘ynaydi. Turistlik resurslar, turistlik mahsulotlar ma’lumotlarining axborotlari turli xil hisob-kitoblar, ma’lumotnomalar, kataloglar, prospektlar, yo‘l ko‘rsatkichlar, jadvallar, time-table ko‘rinishlarida ask etadi. Ko‘pchilik turistlik  kompaniyalar o‘z tarkibida nafaqat xususiy turistlik agentligi, balki quvvatli axborot markazlari va nashriyotlariga ham egadirlar. Masalan, Buyuk Britaniyaning Reed Travel Group turistlik agentligi bunga misoldir. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, yo‘l ko‘rsatuvchi kitoblar turizmning o‘zi rivojlanishidan ancha oldin ishlab chiqilgan. Tomas  Kuk birinchi bo‘lib turistlik sayohatni tashkil qilgan paytda, Londondan Parijga sayohat qilishni amalga oshirish uchun yo‘l ko‘rsatuvchi kitoblar bor edi. Ko‘pchilik yo‘l ko‘rsatkichlar 100 yillik tarixga ega.
Bugungi kunda ko‘pgina axborot oqimlari SD - disklarda jamlangan. 1990-yillardagi kompyuter bilan ta’minlashdagi texnik inqilob turizm maqsadlari uchun kuchli avtomatlashtirilgan turizmni vujudga keltirdi.
Jahon Global kompyuter tizimlari – Amadeus (Yevropa), Sabre (AQSH), Galileo (Buyuk Britaniya), Gabriel, “Samoturagent”, “Masterturagent”, “1S-Rarus: Turagentstvo”, “InTour Office”, “Master-Tur”, “Samo-Tur”, “TurVin”, “Turbo-tur”, “Aist-2.5” va boshqalar yaratilgan va ular muvafaqqiyatli darajada xizmat ko‘rsatmoqda. Bu tizimlar axborot tashuvlarini birinchi navbatda havo transportida hamda mehmonxona va boshqa xizmatlarni bronlashni tashkil qilishda keng tarqalgan.
Turistlik axborotni rivojlantirishda yana bir juda katta turtki internet global tarmog‘i bo‘ldi. Bugungi kunda deyarli barcha turistlik firmalar o‘z saytlariga va E-mail elektron pochta orqali ushbu tarmoqqa chiqish imkoniyatiga ega. Tarmoqdan foydalanuvchilarning barchasi turistlik xizmatlar haqida keng axborot olish imkoniyatiga egadirlar.
Turizmga javob beruvchi davlat tashkilotlari, xususiy kompaniyalar, turistlik firmalar, otellar, turistlik assotsiatsiyalar, tashuvchilar, attraksion xizmatini taklif etuvchi firmalarda katta axborot varaklari mavjud. Axborotni internet tarmog‘iga joylashtirish umumiy holda kitob yoki buklet chiqarishdan arzon, axborot oson va tez ko‘rinishini o‘zgartiradi, yuqori sifatli rangli illyustratsion ma’lumotni ham uzatish mumkin. Axborot rivojlangan mamlakatlardagi foydalanuvchilarning keng doirasiga yetib boradi.
Xalqaro turizm huquqi

Turizm ko‘pchilik mamlakatlar iqtisodiyotining muhim qismi sifatida, xalqaro aloqalarning tarkibi sifatida alohida huquqiy tartibga solishni talab qiladi. Shuning uchun o‘ziga xos tarmoq - turistlik huquq tarkib topgan. Ko‘pchilik mamlakatlarda rezident va norezident kompaniyalar uchun turistlik faoliyat normalari va rivojlanish tamoyillarining asosiy konsepsiyalari turizm haqida milliy qonunlar bilan mustahkamlangan.
Norezidentlar faoliyati uchun odatda ma’lum cheklashlar mavjud. Turizm tashkilotchilari va turist-mijozlar munosabatlari tartibga solingan.
Xalqaro turizm ko‘pgina konvensiyalar, xalqaro shartnomalar va bitimlar bilan tartibga solinadi. Dastlab turizm rivojlanishiga asos bo‘lgan, dam olish va bo‘sh vaqtning asosiy huquqlarini ta’minlash to‘g‘risidagi bitimga erishildi. 1948 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan inson huquqlari Umumjahon Dekleratsiyasining 24-moddasida shunday deyiladi: «Har bir inson ish vaqtini oqilona chegaralanishi va har yilga pullik ta’tilni olishi, dam olishi va bo‘sh vaqt huquqiga egadir». 1966-yil BMT Bosh Assambleyasi bu shiorni tasdiqladi va kengaytirdi. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paketga imzo chekkan davlatlar har bir insonning «dam olish, bo‘sh vaqt, ish vaqtini oqilona cheklash, davriy pullik ta’til hamda bayram kunlari uchun to‘lov» huquqini ta’minlash majburiyatini bo‘yniga olganlar.
Bu nizomlar turizm rivojlanishiga, xususan, xalqaro turizm rivojlanishiga turtki berdi. Xalqaro turizmning jadal rivojlanishi turistlik faoliyatni tartibga soluvchi me’yorlar o‘rnatish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Xalqaro turistlik huquq tashkil topishining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri terminologiya va ta’riflar to‘g‘risidagi bitim tuzish edi.
Bugungi kunda xalqaro turizm o‘z faoliyatini asosiy xalqaro kelishuvlarga binoan olib boradi: Gaaga (1989-yil, Gaaga, Niderlandiya) va Manila (1980-yil, Manila, Filippin) bitimlari, turizm vazirliklarining Osaka konferensiyalari yo‘riqnomalari (1994-yil, Osaka, Yaponiya).

Hududiy qonunlar va me’yoriy aktlarni ham ta’kidlab o‘tish muhim. Yevropa iqtisodiy hamjamiyati ushbu ittifoqqa kiruvchi mamlakatlar turistlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha bir qator qonunlar va me’yoriy aktlar qabul qilgan. Masalan, yagona vizali hudud, turistlik xizmatlar shartnomasi to‘g‘risidagi Shengen shartnomasi (YEES Direktivasi №90/134 13-may 1995-yil. «Turistlik agentlik va mijoz o‘rtasida imzolanishi kerak bo‘lgan namunaviy shartnoma», «Sayohat  qilish shartnomasi bo‘yicha Xalqaro Konvensiya», 1970-yil 22-oktyabrda FUAAV ning Bosh Assambleyasida qabul qilingan «Mehmonxona egalari va turistlik agentliklar o‘rtasida bitimlar tuzishga tegishli Xalqaro mehmonxona Konvensiyasi», Yo‘lovchilar va ularning yuklarini xalqaro havo, avtomobil va dengiz transportida tashish alohida tartibga solingan. Havo transporti Varshava Konvensiyasi bilan (1929-yil Varshavada qabul qilingan), Avtomobilda passajirlar va yuklarni tashish Berlin Konvensiyasi bilan (1975-yil, Berlin), dengiz transportida passajirlarni tashish esa Afina Konvensiyasi bilan boshqariladi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий