O‘zbekiston mustaqillikka erishgach,
bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurishni o‘zining asosiy maqsadi qilib belgilab
oldi. Bu ishda turizm sohasi ham yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi. Turizm
nafaqat o‘tmishni o‘rganish, o‘zga xalqlar va elatlar bilan tanishish, ularning
madaniy yodgorliklaridan baxramand bo‘lish, shuningdek, u katta biznes hamdir. Mazkur
faoliyatni yo‘lga qo‘yish esa mutaxassislarga bog‘liq. Buning uchun malakali kadrlarni
tayyorlash hozirgi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Toshkent Davlat Iqtisodiyot
Universitetining Xalqaro turizm fakulteti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti,
qolaversa, qator Turizm kasb-xunar kollejlari bu ishga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Bu o‘quv maskanlarida qator fanlar, jumladan, mutaxassislik fanlari o‘qitilib, ularda
kasb ilmiga taa’luqli muammolar o‘z yechimini topmoqda. Shunday fanlar qatorida
«Turizm asoslari» fani ham o‘z o‘rniga ega. U yangi o‘quv kurslaridan biri bo‘lib,
Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining Xalqaro turizm fakultetida
2002-2003 o‘quv yilidan boshlab ta’lim berib kelinmoqda.
Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, turizm tarixi, uning asosiy
yo‘nalishlari, turlari, kategoriyalari, turistlik xizmatlar, umuman turizm ilmi
bilan bog‘liq barcha masalalar haqida bilim berish, turizmga oid tushuncha va atamalarning
har birini tasniflash muhim ahamiyatga ega
bo‘lib, bu alohida predmet darajasidagi masala hisoblanadi. Shularni e’tiborga olgan
holda, turizmga oid barcha mutaxassislik fanlarining alifbosi sifatidagi «Turizm
asoslari» fani aynan shunday vazifani bajaradi,
uni mukammal egallamay turib, mutaxassislikka oid boshqa kurslarni o‘zlashtirib
olish juda qiyin kechadi.
«Turizm asoslari»
kursining maqsadlari qo‘yidagilardan iborat:
-
turizmning asl mohiyatini ochib berish;
-
turizmning taraqqiyot yo‘li, tajribasi, hozirgi kundagi muammolarini aniqlab
olish;
-
turizmning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va ijtimoiy ahamiyatini yoritib berish;
- O‘zbekiston va jahon
turizm biznesining ildizlarini o‘rganish.
«Turizm asoslari» kursining vazifalari qo‘yidagilardan iborat:
- turizm va turist
tushunchalarini ta’riflash, ularning ilk ko‘rinishlari, taraqqiyoti,
shakllanishi haqida ilmiy va daliliy manbalar keltirish;
- O‘zbekiston
Respublikasining turizm to‘g‘risidagi Davlat siyosati haqida (me’yoriy
hujjatlar asosida) ma’lumot berish;
- jahon turizm
tajribasining ilg‘or namunalari bilan tanishtirish;
-
turizm va turistning maqsadlarini aniqlab olish;
-
turizmning tashkiliy tuzilishi va asosiy kategoriyalarini aniqlash;
-
turistlik industriya va unga bo‘lgan talablarni o‘rganish;
- turizm infratuzilmasi haqida ma’lumot berish;
- turizm turlari va uning
asosiy ko‘rinishlarini belgilab olish;
-
turistlik
resurslarni tushuntirib berish;
- turistlik tovarlar va
mahsulotlar haqidagi bilimlarni
egallash;
- turizm marshrutlari,
maxsus turizm marshrutlar haqidagi bilimlarni egallash;
-
turizmda litsenziya, sug‘urta
va moliyaviy masalalar haqidagi tushunchalar berish.
Mazkur kurs «Turizmni rejalashtirish», «Xalqaro turizm»,
«Turistlik marshrutlarni tashkil etish», «Turizm iqtisodiyoti», «Ekskursiyalarni
tashkil etish» kabi fanlar bilan uzviy aloqada hisoblanadi.
Kursni o‘zlashtirish jarayonida – o‘qitishda turistlik
ekskursiya, ekspeditsiya va maxsus turlar tashkil etish; turizm xizmat bozori (Xalqaro
Toshkent turizm yarmarkasi)da ishtirok etish; mehmonxonalar faoliyati, turistlik
firmalar ishi, ekologik, tarixiy-madaniy yodgorliklarni namoyish etuvchi multimedia
slaydlardan, buklet, marshrutlar haritalarini ishlab chiqish, internet aloqa tizimidan
turli ma’lumotlar olish muhim ahamiyatga ega.
«Turizm asoslari» kursi «Turizm menejmenti», «Turizm marketingi»,
«Turizm operatorlik xizmatini tashkillashtirish» va «Servis (turizm va mehmonxona
xo‘jaligi)» ta’lim yo‘nalishlarining 2- bosqich bakalavrlari uchun mo‘ljallangan.
O‘quv mashg‘ulotlari 1-semestrda, 62 soat ma’ruza va 64 soat amaliy mashg‘ulot
hajmida olib boriladi. Unda xorijiy davlatlar va respublikamizda nashr etilgan turizm
sohasiga oid ilmiy, o‘quv, uslubiy qo‘llanmalardan hamda jurnal va gazetalardagi
maqolalardan, internet saytlaridan, turistlik firmalarning namunaviy marshrutlari,
bukletlar va yo‘l ko‘rsatkichlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий